Yangiliklar (for all)
O‘zbekiston Xalqaro atom energiyasi agentligi Bosh konferensiyasining sessiyasida ishtirok etdi
O‘zbekiston delegatsiyasi 14–18 sentabr kunlari Vena shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Bosh konferensiyasining 70-sessiyasida ishtirok etdi. Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Xalqaro forum ishida MAGATEga a’zo 181 davlat vakillari qatnashdi. Konferensiya kun tartibiga yadro va radiatsiya xavfsizligi, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, xalqaro hamkorlik va tartibga solish amaliyotini takomillashtirish masalalari kiritildi.
Sessiya doirasida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvakkos Rafikov xorijiy hamkasblari bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, Vengriya tartibga soluvchi organi rahbari Andrea Beatriks Kadar va Belarus tartibga soluvchi organi rahbari Aleksandr Ivanitskiy bilan o‘tkazilgan muzokaralarda yadro va radiatsiya xavfsizligini ta’minlash, sohani davlat tomonidan tartibga solish hamda ilg‘or tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Alohida e’tibor samarali nazorat, litsenziyalash, inspeksiya faoliyati, radiatsion monitoring va avariyaga tayyorgarlik masalalariga qaratildi.
O‘zbekistonda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi milliy tartibga solish bazasini takomillashtirish davom etmoqda.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, litsenziyalash va tegishli me’yoriy-huquqiy bazani yangilash vazifalari yuklatilgan.
Qo‘mita huzurida Radiatsion va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazining tashkil etilishi sohani ilmiy va ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirdi.
Sessiya doirasida o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlar O‘zbekistonning xalqaro standartlar va ilg‘or jahon amaliyotini inobatga olgan holda milliy yadro va radiatsiya xavfsizligi tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlarining bir qismi bo‘ldi.
Manba