Yangiliklar (for all)
Yangi energetika loyihalari O`zbekistonning energetik mustaqilligini mustahkamlaydi — vazir
O‘zbekiston 2030-yilga borib «yashil» energetika ulushini 54% ga yetkazishni rejalashtirmoqda, biroq hozirgi sur’atlar saqlanib qolsa, bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lishi mumkin. Bu haqda energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev mamlakat hududlarida yangi obyektlarni ishga tushirish marosimidan so‘ng «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi tadbir doirasida umumiy qiymati 20 trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan beshta energetika obyekti ishga tushirildi.
«Ta’kidlash joizki, ushbu obyektlarning har biri o‘z yo‘nalishida noyobdir. Xususan, Markaziy Osiyodagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri ishga tushirildi. Shuningdek, Markaziy Osiyodagi eng yirik ikkita energiya to‘plash tizimi ham foydalanishga topshirildi», – dedi Sherzod Xo‘jayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Navoiy viloyati Nurota tumanida quyosh energiyasini ishlab chiqarish va uni batareyalar yordamida to‘plashni nazarda tutuvchi kombinatsiyalashgan loyiha ishga tushdi.
«Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi, shubhasiz, O‘zbekistonning energetik mustaqilligini mustahkamlaydi va yangi investitsiyalarni jalb qilish uchun asos yaratadi. Ta’kidlash joizki, bugun ishga tushirilgan loyihalar orasida yashil energetikaning roli juda katta», – dedi vazir.
Qoraqalpog‘istonda quvvati 200 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. Bu Qorao‘zak tumanidagi loyihaning ikkinchi bosqichi bo‘ldi.
«Birinchi loyihani hurmatli Prezidentimiz ikki yil oldin ishga tushirgan edilar. Bu – ikkinchi bosqich. Umuman olganda, O‘zbekistonda yashil energetikani rivojlantirish sur’atlari juda yuqori. [Uning ulushini] 2030-yilga borib 54% ga yetkazish vazifasi qo‘yilgan, biroq menimcha, agar biz shu sur’atlarni saqlab qolsak, yanada yuqoriroq natijaga erishishimiz mumkin», – dedi Sherzod Xo‘jayev.
U mamlakatda yaratilgan shart-sharoitlar va investitsiya muhiti xorijiy investorlarning energetika sektoriga kirib kelishiga ko‘maklashayotganini qo‘shimcha qildi.
Hududlardagi energetika loyihalari
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi marosimda umumiy qiymati 50 trillion so‘mlik 72 ta yirik investitsiya loyihasi va 91 ta ijtimoiy soha obyektining ishga tushirilishi haqida e’lon qilindi.
Ular orasida bir necha hududdagi energetika quvvatlari ham bor edi. Xususan, Sirdaryo viloyatida 1573 MVt quvvatga ega generatsiya quvvatlari, Qoraqalpog‘istonda – 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi va 100 MVt quvvatli energiya to‘plash tizimi, Navoiy viloyatida esa yiliga 657 million kVt⋅soat elektr energiya ishlab chiqarishi kerak bo‘lgan loyihalar haqida so‘z bordi.
Bundan tashqari, tadbirda Navoiy viloyati Nurota tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan, 150 MVt quvvatli energiya to‘plash tizimiga ega quyosh elektr stansiyasi ishga tushirilayotgani ma’lum qilindi. Hudud rahbariyatining so‘zlariga ko‘ra, Navoiy viloyatida ishga tushirilgan quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati taxminan 2 GVtga yetadi.
Namangan viloyatida qiymati 200 million dollar bo‘lgan, quvvati 200 MVt bo‘lgan energiya to‘plagichi taqdim etildi. Hududda, shuningdek, quvvati 500 MVtdan bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyasi ishlamoqda, Chust, Chortoq, Norin va Uychi tumanlarida esa umumiy quvvati taxminan 300 MVt bo‘lgan gidroenergetika loyihalari rivojlantirilmoqda. Pop tumanida yana bir, quvvati 200 MVt bo‘lgan loyiha e’lon qilindi.
Manba: gazeta.uz