Press-relizlar
O‘zbekiston Respublikasi va ROZEN Group neft-gaz infratuzilmasi xavfsizligini oshirish maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi
Hamkorlik sanoat xavfsizligi sohasida xalqaro tajriba almashish, xavfga yo‘naltirilgan yondashuvlarni joriy etish hamda uzoq muddatli energetik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan
Toshkent, O‘zbekiston Respublikasi. 2026-yil 14-may – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda ishlab chiqarish aktivlari yaxlitligini ta’minlash sohasida jahon yetakchisi bo‘lgan ROSEN Group neft-gaz sektorida texnik hamkorlik doirasini belgilovchi o‘zaro anglashuv memorandumini (keyingi o‘rinlarda — Memorandum) imzoladilar.
Memorandum texnik muloqot, bilim almashish, maslahat va ekspert-tahliliy qo‘llab-quvvatlashga urg‘u berilgan hamkorlik uchun tizimli asosni nazarda tutadi. Hamkorlik sanoat xavfsizligini mustahkamlash, tartibga solish vakolatlarini rivojlantirish, xavflarni boshqarish amaliyotlarini takomillashtirish hamda O‘zbekiston sanoat infratuzilmasi obyektlari yaxlitligini boshqarish sohasida xalqaro tajribani o‘rganish va moslashtirishga qaratilgan.
Hujjatning imzolanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining birinchi rais o‘rinbosari janob Isoqjonov Axadxon Ikromjonovich quyidagilarni ta’kidladi:
«ROSEN bilan hamkorlik O‘zbekistonning sanoat xavfsizligi tizimini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Xalqaro ekspertiza va amaliy tajribadan foydalanish orqali, biz sanoat xavfsizligi sohasida xavfga yo‘naltirilgan yondashuvlarni rivojlantirishga, milliy vakolatlarni mustahkamlashga hissa qo‘shishga va infratuzilmani rivojlantirish orqali kelajak avlodlar uchun barqaror o‘sish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga intilamiz».
Xalqaro tajribani tizimli o‘rganish va uni O‘zbekiston Respublikasining milliy xususiyatlarini hisobga olgan holda moslashtirishning imkoniyatlari sanoat xavfsizligi tizimini yanada takomillashtirishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Uzoq muddatli maqsad — muhim infratuzilma aktivlarini himoya qilish, aholining va atrof-muhitning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, mamlakat rivojlanishining milliy ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq ishonchli va barqaror energiya ta’minotini shakllantirishdir.
ROSEN tomonining fikricha, Memorandum milliy regulyatorlar bilan yaqin hamkorlik orqali infratuzilma yaxlitligini mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilishni aks ettiradi. ROSEN katta vitse-prezidenti Ernando Kaseres ushbu hamkorlikning muhimligini ta’kidlab shunday dedi:
«Mazkur Memorandum xavfsizlik, shaffoflik va texnik mukammallikka bo‘lgan umumiy sadoqatimizni ifodalaydi. Qo‘mita bilan yaqin hamkorlikda ishlagan holda, biz O‘zbekistonga ishlab chiqarish obyektlarining yaxlitligi va texnik diagnostikasini ta’minlash bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish va, ehtimol, moslashtirishda, amaldagi tartibga solish talablari va O‘zbekiston Respublikasining uzoq muddatli milliy ustuvorliklarini hisobga olgan holda yordam berish niyatidamiz. Xavfli ishlab chiqarish obyektlari yaxlitligini samarali boshqarish tizimi jamiyat xavfsizligi va energetik barqarorlikning asosidir».
O‘zbekiston uchun strategik ahamiyati
O‘zbekiston energetika va sanoat infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirishga investitsiyalar kiritishda davom etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi loyihalarni amalga oshirish jarayonida sanoat xavfsizligi bo‘yicha milliy me’yoriy talablarning ustuvorligini ta’minlagan holda, jahon tajribasi va ilg‘or texnik yondashuvlarni integratsiya qilish orqali nazoratni yanada kuchaytirishga intilmoqda.
«Memorandumning imzolanishi xalqaro ekspertiza va o‘zaro manfaatli hamkorlik muhim energetik infratuzilmani modernizatsiya qilish va uning barqarorligini oshirishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini namoyon etadi», — dedi “Oil & Gas Uzbekistan 2026” tadbiri doirasida bo‘lib o‘tgan imzolash marosimida ishtirok etgan Niderlandiya Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi faxriy konsuli Feruza Tatybayeva.
ROSEN Group hamkor sifatida tanlanishi uning butun dunyo bo‘ylab nazorat organlari va ishlab chiqarish obyektlari operatorlari bilan ko‘p yillik tajribasi, aktivlar yaxlitligi sohasidagi keng qamrovli texnik salohiyati, shuningdek, mintaqadagi sezilarli mavjudligi va Markaziy Osiyodagi ekspluatatsiya sharoitlarini chuqur tushunishi bilan izohlanadi. Hamkorlik doirasida an’anaviy yondashuvlarga muqobil sifatida zamonaviy xavfga yo‘naltirilgan inspeksiya metodologiyalarini qo‘llashni namoyish etishga qaratilgan pilot tashabbuslar ham nazarda tutilgan.
Foto: Rustamov Feruz
Izoh: O‘zbekiston Respublikasi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda ROSEN Group vakillari Oil & Gas Uzbekistan 2026 tadbiri davomida Niderlandiya Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi faxriy konsuli Feruza Tatybayeva ishtirokida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi haqida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli davlat organidir. To‘g‘ridan-to‘g‘ri Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysungan holda, Qo‘mita xavfli ishlab chiqarish obyektlarini tartibga solishda, sanoat xavfsizligini ta’minlashda, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida aholi, aktivlar va atrof-muhitni himoya qilishda asosiy rol o‘ynaydi.
Qo‘shimcha ma’lumot rasmiy veb-saytda mavjud: https://gov.uz/en/cirns
ROSEN Group haqida
ROSEN Group ishlab chiqarish aktivlari yaxlitligini ta’minlashning barcha bosqichlarini qamrab oluvchi, ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishga asoslangan yuqori texnologiyali yechimlar va xizmatlarning yetakchi xalqaro yetkazib beruvchisidir. 1981-yilda yakka tadbirkorlik sifatida faoliyatini boshlagan ROSEN kompaniyasi tez sur’atlar bilan rivojlanib, bugungi kunda dunyoning 110 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritayotgan va 4 000 dan ziyod yuqori malakali mutaxassislarni birlashtirgan texnologik guruhga aylangan.
ROSEN mahsulotlari va xizmatlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- muhim sanoat aktivlarini eng yuqori darajada ishonchli va samarali ishlashini ta’minlash uchun inspeksiya qilish;
- aktivlar yaxlitligini boshqarish sohasida ixtisoslashgan muhandislik-konsultatsiya xizmatlari;
- ilg‘or mashinaviy o‘rganish usullaridan foydalangan holda noyob va keng ko‘lamli ma’lumotlar asosida analitik xulosalar;
- individual innovatsion mahsulotlar va tizimlarni ishlab chiqish hamda yetkazib berish;
- mahsulot va xizmatlarga qo‘shimcha qiymat yaratadigan bozorga yo‘naltirilgan zamonaviy ilmiy tadqiqot va ishlanmalar.
Qo‘shimcha ma’lumot: www.rosen-group.com
Matbuot uchun aloqa ma’lumotlari
ROSEN Group
Anna Heskamp
Yevropa, Markaziy Osiyo va Afrika bo‘yicha marketing bo‘limi rahbari
Tel.: +49 591 9136 7386
Mob.: +49 151 1624 5967
E-mail: press@rosen-group.com