O`zbekiston Energetika Haftaligi - UEW 2027

12 - 14 may 2027, CAEx / O`zbekiston

Yangiliklar

Jahon banki gaz sizib chiqishini kamaytirish uchun 10 million dollar ajratdi

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekistonda tabiiy gaz isrofini qisqartirish mexanizmini yaratish loyihasining parametrlarini tasdiqladi. Uni amalga oshirish uchun Jahon banki 10,6 million dollar miqdorida grant ajratdi.

Loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshirilmoqda va «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha 2026-yilgi davlat dasturida nazarda tutilgan.

«O‘ztransgaz»ning gaz transporti infratuzilmasi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil mamlakat bo‘ylab 1 mingdan ortiq muammoli nuqtani aniqladi. Ushbu obyektlarda yillik isrof hajmi taxminan 35 million kub metr gaz deb baholanmoqda.

Loyihani amalga oshirish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jahon banki bilan 10,6 million dollarlik grant ajratish to‘g‘risida bitim tuzdi. Shuningdek, mablag‘larni taqsimlash bo‘yicha «O‘ztransgaz» bilan subsidiar bitim imzolandi.

Tasdiqlangan parametrlarga ko‘ra, 9,6 million dollar bevosita infratuzilmadagi gaz yo‘qotishlarini qisqartirish tadbirlariga yo‘naltiriladi. Yana 500 ming dollar isrofni monitoring qilish sohasida institutsional salohiyatni mustahkamlashga, qolgan 500 ming dollar esa loyihani amalga oshirish guruhini tashkil etish va xorijiy ekspertlarni jalb qilishga ajratiladi.

Loyihani muvofiqlashtirish uchun iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxo‘jayev boshchiligida idoralararo ishchi guruh tuziladi.

Hujjatda, shuningdek, isrofni qisqartirish hisobiga tejalgan mablag‘lardan foydalanish tartibi belgilangan. Ular gaz yo‘qotishlarini yanada kamaytirish, o‘lchash, monitoring va verifikatsiya tizimlarini joriy etish, gaz transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda xodimlar faoliyati samaradorligini oshirishga qayta investitsiya qilinadi.

Manba