Yangiliklar
Mirzamahmudov: Energetika haftaligi doirasidagi forum 3,4 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirdi.
O'zbekiston Energetika vaziri ustuvor yo'nalishlar va respublika rejalari haqida gapirdi.TOSHKENT, 13-may — Sputnik. Toshkentda bo‘lib o‘tgan Energetika haftaligi doirasidagi forumda 32 dan ortiq mamlakatdan 650 dan ziyod kompaniya va brendlar, asosiy mavzular bo‘yicha 90 ga yaqin spiker, 1100 delegat va 3400 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi, dedi O‘zbekiston energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov, deya xabar beradi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
“Bu O‘zbekistonga va ushbu tadbirga bo‘lgan katta xalqaro qiziqishni ko‘rsatadi”, — dedi u.
Mirzamahmudovning aytishicha, so‘nggi besh yilda respublikaning energetika sohasiga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 25 milliard dollardan oshgan. O‘rnatilgan quvvat 50% ga oshib, 25 gigavattga yetdi.
Infratuzilmani modernizatsiya qilish davom etmoqda, uglevodorodlarni qidirishdan tortib chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan yangi quvvatlar ishga tushirilmoqda.
“3,5 gigavattdan ortiq quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlamoqda, ilk bor 300 megavatt quvvatga ega energiya saqlash tizimlari ishga tushirildi. 2025-yilda yana 3,5 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya va 1,8 gigavatt saqlash tizimlarini ishga tushirish rejalashtirilgan — ishlar boshlangan”, — dedi u.
Shuningdek, vazir yaqin yillarda mis qazib olish hajmini uch baravar oshirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Loyihalar amalga oshirish bosqichida. Maqsad — faqat qazib olishni emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishni ham oshirish.
Mirzamahmudov litiy, fosfatlar va boshqa muhim foydali qazilmalar bo‘yicha geologik qidiruv ishlari olib borilayotganini ham aytdi.
“Bu sohani rivojlantirish — faoliyatimizdagi ustuvor yo‘nalishlardan biri. Qazib olish energetika sohasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerak”, — deya ta’kidladi u.
Energetika haftaligi doirasida O‘zbekiston va Perm o‘lkasi sanoat hamkorligi bo‘yicha kelishuv imzolashi rejalashtirilgan.
O‘z navbatida, Perm o‘lkasi gubernatori Dmitriy Maxonin O‘zbekiston va Rossiya umumiy energiya bozorini shakllantirishga intilayotganini aytdi. Bu, birinchi navbatda, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
U, shuningdek, neft va neft mahsulotlari bozorini shakllantirish bo‘yicha katta ish olib borilayotganini ta’kidladi. Gaz bozori shartnomaviy munosabatlar doirasida shakllangan, 2030-yilgacha uni rivojlantirish rejasi ustida ish olib borilmoqda. Elektr energiyasi bozori ham shunday yo‘nalishda rivojlanmoqda.