Yangiliklar
O`zbekiston Ozarbayjondagi yangi neftni qayta ishlash zavodiga hamkor bo`lishi mumkin
O'zbekiston Ozarbayjonda qurilayotgan yangi neftni qayta ishlash zavodi loyihasiga qo'shilish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda. U yerda ishlab chiqarilgan avtomobil va aviatsiya yoqilg'isining bir qismini keyinchalik O'zbekiston bozoriga yetkazib berish taklif qilinmoqda.
Bu tashabbus haqida energetika vaziri Sherzod Xo'jayev gapirib berdi. Uning so'zlariga ko'ra, tomonlar ikki mamlakat korxonalarida neft mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni ham muhokama qilmoqda.
Vazirning ta'kidlashicha, bunday hamkorlik O'zbekiston ichki bozorini yoqilg'i bilan ishonchliroq ta'minlashga imkon beradi. Shu bilan birga, mamlakatlar Ustyurt platosida uglevodorod qazib olish loyihasini rivojlantirmoqda va Qozog'iston bilan birgalikda O'zbekistonda ishlab chiqarilgan «yashil» elektr energiyasini Yevropaga eksport qilish ustida ishlamoqda.
Ilgari «Uzbekneftegaz» va Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi O'zbekistonda zamonaviy avtomobil yoqilg'i quyish shoxobchalari tarmog'ini yaratish imkoniyatini birgalikda o'rganishga kelishib olgani xabar qilingan edi.