O`zbekiston Energetika Haftaligi - UEW 2026

12 - 14 may 2026, CAEx / O`zbekiston

Yangiliklar

O‘zbekiston yashil vodorod ishlab chiqarishga tayyor.

Toshkent viloyatida Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi ishtirokida yashil vodorodning pilot ishlab chiqarilishi allaqachon iyun oyida yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Shu tariqa, O‘zbekiston ekologik toza yoqilg‘ining bir turini o‘zlashtirgan dunyodagi oltinchi davlatga aylanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston yashil vodorod ishlab chiqarishni iyun oyida boshlashi mumkin. Bu haqda mamlakat energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov 13-may kuni Toshkentdagi CAEx xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida boshlangan UEW-2025 O‘zbekiston Xalqaro energetika haftaligi doirasida «Gazeta.uz» muxbiriga ma’lum qildi.

"Umid qilamizki, Toshkent xalqaro investitsiya forumi (iyun boshida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan — tahr.) doirasida biz natijalarni ko‘rsatishimiz va bu haqda rasman e’lon qilishimiz mumkin bo‘ladi", — dedi vazir.

Energetika konferensiyasining panel sessiyasida so‘zga chiqqan Mirzamahmudov, hozirgi kunda dunyoda atigi besh davlat yashil vodorod ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotganini ta’kidladi. Shu orqali O‘zbekiston ekologik toza yoqilg‘ining ushbu turini ishlab chiqarayotgan oltilik davlatlar qatoriga qo‘shiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil noyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida Saudiya Arabistonining ACWA Power ishtirokidagi yashil vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha pilot loyihaning qurilishini boshlab bergan edi. 88 mln AQSh dollari qiymatidagi ushbu loyiha doirasida 2025-yil birinchi bosqichda 3000 tonna yashil vodorod ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

“Uzkimyosanoat” ma’lumotlariga ko‘ra, Chirchiqda amalga oshirilayotgan loyiha ikkinchi bosqichda yiliga 500 ming tonnagacha yashil vodorod asosidagi ammiak ishlab chiqarishni va 2,4 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalari parkini qurishni ko‘zda tutadi.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, muqobil energiya resurslaridan samarali foydalanish natijasida O‘zbekiston dunyoda birinchilardan bo‘lib yashil vodoroddan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishi mumkin bo‘ladi, bu esa iqtisodiyotning ushbu sohasini dekarbonizatsiya qilishga va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni jahon bozorlariga yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Manba