Yangiliklar (for all)
Preferensial savdo, kritik minerallar va sun’iy intellekt. O‘zbekiston va Hindiston nimalar haqida kelishib oldi
O‘zbekiston va Hindiston imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuvni tuzish bo‘yicha keyingi qadamlarni o‘rganish, kritik minerallar, tinch atom, sun’iy intellekt va transport koridorlari sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Bu Hindiston bosh vaziri Narendra Modining 29−30 avgust kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotdan ma’lum bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modi muzokaralar o‘tkazib, savdo, investitsiyalar, transport bog‘liqligi, raqamli transformatsiya, energetik o‘tish, kritik minerallar, oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va ta’lim sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi.
Tomonlar shuningdek munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish niyatini bildirdi.
Imtiyozli savdo va to‘siqlarni bartaraf etish
O‘zbekiston va Hindiston o‘zaro savdo va investitsiyalarni kengaytirish uchun “sezilarli foydalanilmagan salohiyat” mavjudligini qayd etdi. Muzokaralarda ikki tomonlama savdo hajmini 2030 yilga borib 5 mlrd dollarga yetkazish maqsadi qo‘yildi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash 33% ga oshib, 1,3 mlrd dollardan oshdi. O‘zbekistonda hind kapitali ishtirokidagi 300 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. So‘nggi 10 yil ichida mamlakat iqtisodiyotiga 1 mlrd dollardan ortiq hind investitsiyalari jalb qilingan.
So‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar soni yetti baravar oshdi. Ikki davlat o‘rtasida haftasiga 14 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov amalga oshiriladi. O‘zbekistonda to‘rtta hind oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda.
Tomonlar o‘zaro savdoda tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, notarif to‘siqlarni bartaraf etish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish niyatida. Buning uchun notarif masalalar va investitsion to‘siqlar bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, tomonlar elektron tijoratni rivojlantirish, savdo tartib-taomillarini raqamlashtirish va kichik hamda o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun platformalarni joriy etishga kelishib oldi.
Hindiston, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi. Tomonlar ikki davlat bozorlariga tovarlar kirishini tezlashtirish uchun regulyatorlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish va o‘zaro tan olish mexanizmlarini o‘rganish niyatida.
Bayonotning asosiy bandlaridan biri imtiyozli savdo bo‘yicha mumkin bo‘lgan kelishuv bo‘ldi. Tomonlar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim tuzish maqsadga muvofiqligini birgalikda o‘rganish yakunlanganini eslatdi. Tegishli vazirliklarga belgilangan muddatlarda keyingi qadamlarni o‘rganish topshirildi.
Savdoni oshirish uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida elektrotexnika va mashinasozlik mahsulotlari, avtomobillar va farmatsevtika qayd etildi. O‘zbekiston va Hindiston, shuningdek, investorlar muammolarini ko‘rib chiqish uchun institutsional mexanizm yaratishga kelishib oldi.
Kritik minerallar va atom energetikasi
O‘zbekiston va Hindiston geologiya, foydali qazilmalarni qazib olish, atom energetikasi, sanoat kooperatsiyasi hamda kritik va strategik minerallar sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldi. Gap, jumladan, mineral xomashyoni qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va ikkilamchi resurslarni qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalar haqida bormoqda.
Hindiston kompaniyalarini O‘zbekistondagi istiqbolli konlarni o‘zlashtirishga jalb etish rejalashtirilmoqda. O‘z navbatida, o‘zbek korxonalari Hindistondagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi mumkin.
Tomonlar alohida ravishda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi.
Kritik minerallar bo‘yicha geologik qidiruv va qazib olishdan tortib qayta ishlash va integratsiyalashgan qiymat yaratish zanjirlarini shakllantirishgacha bo‘lgan barcha asosiy bosqichlarda qo‘shma loyihalar nazarda tutilmoqda.
Transport koridorlari va jamoat transporti
O‘zbekiston va Hindiston ikki davlat o‘rtasidagi multimodal transport yo‘nalishlari va logistika koridorlarini rivojlantirish ustida ishlashni davom ettiradi.
Bayonotda, shuningdek, transport xarajatlarini kamaytirish uchun yuk tashuvlarini tiklash niyati qayd etilgan. Qaysi yo‘nalishlar nazarda tutilgani hujjatda aniqlashtirilmagan.
Bundan tashqari, tomonlar zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda yo‘l qurilishi tajribasi bilan almashish va yo‘l infratuzilmasini rekonstruksiya qilish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ko‘rib chiqish niyatida.
Alohida yo‘nalish sifatida O‘zbekiston jamoat transporti uchun ekologik toza va energiya tejamkor yechimlarni rivojlantirish belgilandi.
SI, IT va kosmos sohasidagi hamkorlik
Yetakchilar 2019 yilda Software Technology Parks of India ko‘magida hind modeli asosida tashkil etilgan Toshkent IT Parki faoliyatini qayd etdi va texnoparklar, kompaniyalar, startaplar hamda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga kelishib oldi.
O‘zbekiston va Hindiston, shuningdek, fevral oyida Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan India AI Impact Summitda erishilgan kelishuvlarni rivojlantirish niyatida.
Tomonlar xavfsiz, himoyalangan va ishonchli sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni, jumladan tajriba va ilg‘or amaliyotlar almashinuvi orqali mustahkamlashga kelishib oldi.
SI iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish, innovatsion rivojlanish va ijtimoiy muammolarni hal etish uchun qo‘llanilishi rejalashtirilmoqda.
Davlatlar, shuningdek, kosmik texnologiyalardan foydalanish, ilmiy ma’lumotlar almashish va qo‘shma ta’lim dasturlarini o‘tkazishni o‘z ichiga olgan holda, kosmosni tinch maqsadlarda o‘zlashtirish sohasidagi hamkorlikka qiziqishini tasdiqladi.
Hindiston Orol mintaqasi uchun 1 mln dollar ajratadi
Hindiston Orol dengizi mintaqasini ko‘kalamzorlashtirish va ekologik tiklash bo‘yicha loyihalar uchun 1 mln dollar ajratadi. Texnik yordamni ham o‘z ichiga olgan loyihalar hind grant dasturi doirasida moliyalashtiriladi.
Tomonlar sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga ham kelishib oldi. Xususan, O‘zbekistonda hind kompaniyalari bilan birgalikda yangi tibbiyot markazlari, laboratoriyalar, tadqiqot muassasalari va farmatsevtika ishlab chiqarishlarini tashkil etish qo‘llab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, tomonlar Surxondaryo viloyatidagi qadimiy Fayoztepa va Karatepa buddaviy yodgorliklarini restavratsiya qilish, madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish va arxeologik artefaktlarning 3D-modellarini yaratish bo‘yicha hamkorlik qilish niyatida.
Manba