O`zbekiston Energetika Haftaligi - UEW 2026

12 - 14 may 2026, CAEx / O`zbekiston

Yangiliklar

Energiya samaradorligini oshirish va energetika bozorini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

14-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev elektr ta’minoti sohasida energiya samaradorligini oshirish va bozor mexanizmlarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Xalqaro ekspertlar tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston eng yuqori energiya sarfiga ega mamlakatlar qatoriga kiradi. Xususan, mamlakatimizda yakuniy energiya iste’molining qariyb 50 foizi binolarga to‘g‘ri keladi, bir kvadrat metrga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi esa Yevropa mamlakatlariga nisbatan bir necha barobar yuqori.

Shu munosabat bilan o‘tgan yili energiya samaradorligi sohasida tizimli islohotlarni amalga oshirish uchun alohida agentlik tashkil etildi. Yangi tuzilma oldiga 2030-yilgacha iqtisodiyotda energiya iste’molini kamida 20 foizga, davlat muassasalari va ijtimoiy tashkilotlarda esa 15 foizga qisqartirish vazifasi qo‘yildi.

Taqdimotda agentlikning 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejalari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizdagi binolarning aksariyati o‘tgan asrning 60–70-yillarida qurilgan bo‘lib, ulardagi energiya yo‘qotishlari darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Shu bois ijtimoiy obyektlar va turar joy massivlarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Joriy yilda ushbu maqsadlar uchun 150 milliard so‘m miqdorida subsidiyalar va kompensatsiyalar yo‘naltiriladi.

Respublikada soni 30 mingdan ortiq bo‘lgan ijtimoiy obyektlarning energiya samaradorligini oshirishda xalqarо moliya institutlari ishtirokini kengaytirish va xususiy investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.

Jumladan, joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida 770 ta ijtimoiy obyekt energiya samaradorligi standartlari asosida modernizatsiya qilinadi. Buning uchun 264 million AQSh dollari miqdorida xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etiladi.

Shuningdek, energiya tejamkorligi hisobidan daromad olish mexanizmlarini ishlab chiqish, energoservis kompaniyalari (ESCO) xizmatlarini rivojlantirish va tegishli bozorni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan binolarda energiya auditi o‘tkazishda, shuningdek energiya samaradorligi standartlari asosida loyihalash va modellashtirishda keng foydalanish rejalari haqida ma’lumot berildi.

Sanoat sohasida ham energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilandi. Xususan, joriy yilda 142 ta to‘qimachilik korxonasida quyosh panellari o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu korxonalarga 722 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 693 milliard so‘m mablag‘ni tejash imkonini beradi. Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti tizimida 300 ta nasosni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimidagi muammolarga alohida e’tibor qaratildi. Hozirgi vaqtda energiya yo‘qotishlarining yuqori darajasi ayrim qozonxonalar va issiqlik tarmoqlarining eskirgani bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan joriy yilda qozonxonalar va issiqlik tizimlarini modernizatsiya qilish, ularni yopiq tizimga o‘tkazish doirasida 400 ta individual issiqlik punktini o‘rnatish va kamida 100 kilometr issiqlik tarmoqlarini yangilash rejalashtirilgan.

Mas’ul shaxslarga binolarni qurish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish jarayonida energiya samaradorligi standartlari va samarali qoidalarni ishlab chiqish topshirildi.

Taqdimotda elektr energetikasi sohasida raqobatbardosh bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.

Xususan, past kuchlanishli tarmoqlarni xususiy sektorga o‘tkazish Samarqand viloyatidan boshlanadi, keyingi bosqichda esa ushbu amaliyotni Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida kengaytirish rejalashtirilgan. Bu tarmoqlarni yangilashga investitsiyalarni jalb etish orqali yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

Elektr energiyasining ulgurji bozorini shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Hozirga qadar yiliga 10 million kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi iste’mol qiladigan ulgurji iste’molchilar ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu korxonalar uchun soatbay narxlash asosida ulgurji bozorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali elektr energiyasi xarid qilish tizimini joriy etish taklif qilindi.

Ayni paytda energetika va kommunal sohalar uchun alohida regulyatorlarni tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xorijiy tajribani inobatga olgan holda yagona regulyatorni yaratish taklifi ilgari surildi.

Takliflarni ma’qullar ekan, Prezidentimiz energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va energetika bozorida raqobatbardosh muhit yaratish muhimligini ta’kidladi hamda mas’ul shaxslarga tegishli topshiriqlar berdi.

Prokuratura va ichki ishlar organlari zimmasiga muhokama qilingan sohalarda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini va javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, shuningdek belgilangan chora-tadbirlarning so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlashda hokimiyatlar bilan yaqin hamkorlik qilish vazifasi yuklatildi.

Manba

HAMKORLAR