O`zbekiston Energetika Haftaligi - UEW 2026

12 - 14 may 2026, CAEx / O`zbekiston

Yangiliklar

Markaziy Osiyoda mintaqaviy elektr energiyasi bozori boshlanadi

Jahon banki Markaziy Osiyoda birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi. 22-yanvar kuni bank 10 yillik “Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energetika tizimlarini integratsiya qilish” (REMIT) dasturini tasdiqladi.

Dastur mintaqaning o‘zaro to‘ldiruvchi energetika resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan. Bunga Qirg‘iziston va Tojikistondagi gidroenergetika, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistondagi issiqlik elektr stansiyalarida elektr ishlab chiqarish, shuningdek Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida quyosh va shamol energetikasining ortib borayotgan salohiyati kiradi.

“Mintaqaviy energetik integratsiyani mustahkamlash yanada muvozanatli va barqaror energiya tizimini yaratish, elektr ta’minotidagi uzilishlarni kamaytirish hamda uy xo‘jaliklari va biznes uchun energiya narxini pasaytirish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mintaqada elektr energiyasi savdosi umumiy talabning atigi 3 foizini tashkil etadi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari elektr ishlab chiqarishning bor-yo‘g‘i 4 foiziga to‘g‘ri keladi, holbuki mintaqa boy va o‘zaro to‘ldiruvchi toza energiya resurslariga ega.

Iqtisodiyotlarning o‘sishi, aholi sonining ko‘payishi, sanoat rivoji va shaharlarning kengayishi fonida arzon, ishonchli va barqaror energiyaga bo‘lgan ehtiyoj ortishda davom etadi. Amaldagi tendensiyalarga ko‘ra, 2050 yilga borib talab uch baravar oshishi mumkin.

REMIT dasturi elektr energiyasi savdosi hajmini yiliga kamida 15 ming GVt·soatgacha oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, elektr uzatish liniyalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 16 GVtgacha ko‘paytirish va mintaqa mamlakatlari energiya tizimlariga 9 GVtgacha toza energiya quvvatlarini integratsiya qilishga yordam beradi.

Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benhassine ta’kidlashicha, energetik integratsiya va elektr energiyasi savdosini rivojlantirish 2050 yilga borib mintaqaga 15 mlrd dollargacha iqtisodiy foyda keltirishi mumkin.

REMIT dasturining umumiy taxminiy moliyalashtirish hajmi 1,018 mlrd dollarni tashkil etadi va uch bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mablag‘lar mintaqaviy elektr bozorini yaratish, uzatish infratuzilmasini mustahkamlash, energiya tarmoqlari ishonchliligini oshirish uchun raqamli tizimlarni joriy etish hamda energetika sohasida mintaqaviy institutlar va muvofiqlashtirishni kuchaytirishga yo‘naltiriladi.

Dastur doirasidagi investitsiyalar, shuningdek, energetika infratuzilmasi qurilishida ham, mintaqaviy bozorni boshqarish sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar uchun ham yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Dastur birinchi bosqichi doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlarining “Energiya” muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi jami 143,2 mln dollar miqdorida grant va imtiyozli moliyalashtirish oladi. Bu mablag‘lar Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (IDA) resurslaridan 140 mln dollar va Markaziy Osiyo uchun Suv-energetika dasturi (CAWEP) doirasidagi 3,2 mln dollarlik grantlarni o‘z ichiga oladi.

Birinchi bosqich doirasida qariyb 900 MVt yangi toza energiya quvvatlari energiya tarmoqlariga integratsiya qilinadi, bu esa 700 mln dollarga yaqin xususiy investitsiyalarni jalb etish imkonini beradi, dedi Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida infratuzilma masalalari bo‘yicha direktori Charlz Kormye.

Dastur mintaqaviy boshqaruv qo‘mitasiga Markaziy Osiyo mamlakatlarining energetika vazirliklari va ijrochi agentliklari kiradi.

Jahon banki bilan hamkorlikda mintaqada yagona elektr energiyasi savdo platformasini ishga tushirish rejalari haqida 2024 yil oxirida xabar berilgan.

Manba

HAMKORLAR