Yangiliklar
Qoraqalpog`istonda yangi quduqda tabiiy gazning sanoat oqimi olingan
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida yangi qidiruv qudug‘ida yuqori bosim ostida tabiiy gazning sanoat ahamiyatiga ega oqimi qayd etildi. Gap Ustyurt mintaqasida, “Mo‘ynoq” koni yaqinida burg‘ulangan “Shagirlik — quyi yura № 2” qudug‘i haqida ketmoqda, deya xabar beradi “O‘zbekneftgaz” AJ.
Istiqbolli maydon O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga qarashli “O‘zbekgeofizika” AJ hamda “Neft va gaz konlari geologiyasi va razvedkasi instituti” DUK tomonidan o‘tkazilgan 3D seysmik tadqiqotlar ma’lumotlari asosida chuqur qidiruv burg‘ulash ishlariga tayyorlangan.
Burg‘ulash ishlari soha kompaniyasi tarkibida faoliyat yurituvchi Loyiha ofisi malakali mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi. Loyiha ofisi O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga asosan tashkil etilgan bo‘lib, milliy tarmoqni rivojlantirish uchun yetakchi xorijiy neft-gaz kompaniyalarida ishlagan tajribali ekspertlarni birlashtiradi.
2026 yil 10 yanvar kuni quduq quyi yura yotqiziqlari bo‘yicha 5 265 metr loyihaviy chuqurlikkacha burg‘ulandi. 5 061 metrdan 5 265 metrgacha bo‘lgan intervalda gazga to‘yingan qatlamlar aniqlanib, kuchli tabiiy gaz oqimini ta’minladi, bu esa kashfiyotning sanoat ahamiyatga egaligidan dalolat beradi.
Quyi yura yotqiziqlarining geologik tuzilishini yanada chuqurroq o‘rganish, kon parametrlarini aniqlashtirish va ularning tarqalish chegaralarini belgilash maqsadida ushbu maydonda keyingi qidiruv-razvedka quduqlari — № 3 va № 4 ni burg‘ulash rejalashtirilgan.
Manba