Yangiliklar
Tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish va sanoatni transformatsiya qilish rejalari ko‘rib chiqildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining keyingi vazifalari va rejalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakat rivojida energetik xavfsizlikni ta’minlash hamda iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash muhim omillardan biridir. Shu bois gaz sohasida unumdorlikni oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Taqdimotda “O‘zbekneftgaz” AJning asosiy vazifasi tabiiy gaz zaxiralarini va qazib olish hajmlarini oshirish ekani ta’kidlandi. Kompaniya oldiga sutkalik gaz qazib olish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrgacha oshirish hamda joriy yilda kamida 25,4 milliard kub metr gaz ishlab chiqarish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida yangi istiqbolli investitsiya bloklarini shakllantirish, shuningdek investorlar ixtiyoriga berilgan ayrim maydonlarda ishlarni jadallashtirish va ularning samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, nafta ishlab chiqarish quvvatlaridan hozirda 70 foiz darajada foydalanilmoqda, mahsulot esa 50 foiz arzon narxda eksport qilinmoqda. Naftani polimer mahsulotlariga qayta ishlash qo‘shilgan qiymatni 6 barobarga oshirishini inobatga olib, mavjud quvvatlarni to‘liq ishga solish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz”ning moliyaviy holatini yaxshilash choralari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda neft-gaz sohasida o‘g‘irlik va korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Korrupsiya xavflarining oldini olish maqsadida kompaniya tuzilmasida rais o‘rinbosarining alohida lavozimi joriy etildi, shuningdek komplaens va ichki korrupsiyaga qarshi nazorat xizmati tashkil etildi. Soha doirasida qonunbuzarliklarni tezkor aniqlash va oldini olishning samarali tizimini shakllantirish vazifasi belgilandi.
Prezident mas’ul shaxslarga neft-gaz sohasida transformatsiyani chuqurlashtirish, gaz zaxiralari va qazib olish hajmlarini oshirish, shuningdek moliyaviy intizomni mustahkamlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Manba