Yangiliklar
Xitoyning xususiy kompaniyalari O‘zbekistonda gidroelektr stansiyalarini quradi
Yaqinda “O‘zbekgidroenergo” AJda xitoylik investorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bir qancha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi: quvvati 500 MVt bo‘lgan Qorateren nasosli elektr stansiyasi, umumiy quvvati 45 MVt bo‘lgan Kishtut va Mizot GESlari, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida mikro GESlar qurish. Investorlarga ushbu loyihalarning dastlabki loyiha hujjatlari taqdim etildi.Tomonlar, shuningdek, joriy yilning oktabr oyida loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolashga kelishib oldilar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 12-iyuldagi “Gidroenergetika tarmog‘ini isloh qilishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan mamlakatimizda gidroenergetikani rivojlantirishning besh yillik dasturi tasdiqlangan edi. Ushbu dasturga muvofiq, 2028 yilga qadar umumiy quvvati 3,3 GVt bo‘lgan GES va nasosli akkumulyator elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan, bu esa joriy quvvatni 2,2 GVtdan 5,5 GVtgacha oshirish imkonini beradi. Elektr energiyasi ishlab chiqarishning yillik hajmi 15,7 milliard kVt/soatni tashkil etadi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun qariyb 6,5 milliard dollar sarmoya yo‘naltiriladi.
V. Novikov
