O`zbekiston Energetika Haftaligi - UEW 2026

12 - 14 may 2026, CAEx / O`zbekiston

Yangiliklar

Navoiy viloyatida elektr energiyasini saqlash tizimi quriladi

Navoiy viloyatida elektr energiyasini saqlash tizimi quriladi. Loyiha quvvati 300 megavatt va saqlash hajmi 600 megavatt-soat bo‘lgan obyektni barpo etishni nazarda tutadi.

Tegishli qaror 17-dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.

Gap elektr energiyasini tarmoqdan qabul qilib, uni jamlaydigan va zarurat tug‘ilganda qayta uzatadigan tizim haqida bormoqda. 300 megavatt ko‘rsatkichi tizim bir vaqtning o‘zida ishlashi mumkin bo‘lgan maksimal quvvatni anglatadi, 600 megavatt-soat esa u to‘plashi va saqlashi mumkin bo‘lgan umumiy elektr energiyasi hajmini bildiradi. Boshqacha aytganda, obyekt ikki soat davomida tarmoqqa to‘liq quvvat bilan elektr energiyasi yetkazib bera oladi.

Investitsiya bitimi loyiha doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Abu Dhabi Future Energy Company PJSC — Masdar kompaniyasi o‘rtasida imzolandi. Loyihani amalga oshirish investor tomonidan tashkil etiladigan alohida loyiha kompaniyasi orqali olib boriladi.

Qarorga muvofiq, investor o‘z huquq va majburiyatlarini ushbu loyiha kompaniyasiga o‘tkazadi. U elektr energiyasini saqlash tizimi to‘liq foydalanishga tayyor bo‘lishi va kafolatlangan rejimda ishlashini ta’minlash uchun mas’ul bo‘ladi.

Loyiha doirasida, shuningdek, saqlash tizimini mamlakatning yagona elektr energetika tarmog‘iga ulash uchun elektr uzatish liniyalari va podstansiya qurilishi ham nazarda tutilgan. Foydalanishga topshirilgach, ushbu obyektlar "O‘zbekiston Milliy Elektr Tarmoqlari" balansiga o‘tkaziladi. Ularni qurish bo‘yicha loyiha kompaniyasi xarajatlari elektr energiyasi tariflari tarkibida inobatga olinadi.

Avvalroq O‘zbekiston Masdar kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida elektr energiyasini saqlash tizimlarini qurish bo‘yicha kelishuvlar imzolagan, shuningdek, ushbu sohada yana ikki loyihani amalga oshirish yuzasidan AMEA Power kompaniyasi bilan ham kelishuvlarga erishilgan.

Manba

HAMKORLAR