Yangiliklar
Qoraqalpog‘istonda energiyani akkumulyatorda saqlaydigan MOdagi birinchi ShES quriladi
Osiyo taraqqiyot banki va ACWA Power Qorau‘zak tumanida shamol elektr stansiyasi va akkumulyator asosida energiyani saqlash tizimini qurish uchun 51 mln dollar miqdoridagi qarz paketini imzoladi. U Markaziy Osiyodagi birinchi kommunal miqyosdagi energiyani akkumulyator yordamida saqlash tizimiga ega ShES hisoblanadi.Osiyo taraqqiyot banki va ACWA Power Company Qoraqalpog‘istonning Qorau‘zak tumanidagi «Nukus-2» loyihasi doirasida shamol elektr stansiyasi va akkumulyator asosida energiyani saqlash tizimini qurish uchun 51 mln AQSh dollari miqdoridagi qarz paketini imzoladi. Bu haqda OTB matbuot xizmati Gazeta’ga ma’lum qildi.
Loyiha ACWA Power kompaniyasiga to‘liq tegishli bo‘lgan «ACWA Power Beruniy Wind» MChJ XK kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi birinchi kommunal miqyosdagi energiyani akkumulyator yordamida saqlash tizimiga ega shamol energetikasi obyekti bo‘lib hisoblanadi.
Moliyalashtirish paketiga OTBning oddiy kapital resurslari hisobidan 25,4 million AQSh dollari va OTB boshqaruvidagi Etakchi Osiyo xususiy infratuzilma fondi hisobidan 25,4 million AQSh dollari kiradi. Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB), Gollandiya tadbirkorlikni rivojlantirish banki (FMO), Standard Chartered Bank va Saudiya EXIM parallel kreditorlar bo‘lib hisoblanadi.
Loyiha 200 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi va 100 megavatt-soat quvvatga ega akkumulyator asosida energiyani saqlash tizimi hamda tegishli uzatish infratuzilmasini qurish va foydalanishni o‘z ichiga oladi. U yiliga 727 980 megavatt-soat toza elektr energiyasini ishlab chiqarishi, CO2 emissiyasini yiliga 406 170 tonnaga kamaytirishi va qurilish va ekspluatatsiya jarayonida 200 dan ortiq ish o‘rinlarini yaratishi kutilmoqda.
«Ushbu loyiha O‘zbekistonning kam uglerodli energiyaga kelajagiga o‘tish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib hisoblanadi. Loyiha shamol energiyasini akkumulyator asosida energiyani saqlash tizimi bilan birlashtirar ekan, elektr tarmog‘ining barqarorligi va energiya ta’minotining ishonchliligini oshiradi va mamlakatning 2030 yilgacha elektr energiyasini ishlab chiqarish tizimida qayta tiklanadigan energiya ulushining 54 foiziga yetkazish maqsadini qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.
O‘zbekistonning energetika sektorini qo‘llab-quvvatlash doirasida OTB O‘zbekiston hukumati ko‘magida 7,5 million AQSh dollari miqdoridagi kredit kafolatini taqdim etdi. Kafolat moliyaviy xatarlarni kamaytirish va raqobatni kuchaytirish uchun tender jarayoniga kiritildi. Ta’kidlanishicha, bu «Nukus-2» loyihasi uchun past tarif belgilanishiga olib keladi.
«Loyiha O‘zbekistonning energetika sohasidagi islohotlarning OTB tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanishiga asoslangan bo‘lib, 2030 yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalarining quvvatini 25 gigavattga oshirish va yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 35 foizga kamaytirishni nazarda tutuvchi O‘zbekistonning 2030 yilga strategiyasiga mos keladi. Shuningdek, u OTBning iqlim barqarorligi, gender tengligi va xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha korporativ ustuvorliklarini qo‘llab-quvvatlaydi», — deyiladi bank xabarida.
O‘zbekiston Respublikasi OTBga 1995 yilda a’zo bo‘lgandan beri bank mamlakatga jami 14,3 mlrd AQSh dollari miqdorida davlat sektori qarzlari, nosuveren qarzlar, grantlar va texnik ko‘mak taqdim etgan.
Manba