O`zbekiston Energetika Haftaligi - UEW 2026

12 - 14 may 2026, CAEx / O`zbekiston

Yangiliklar

"Xitoy — Markaziy Osiyo" mexanizmi savdo, investitsiyalar, "yashil" energetika va raqamli iqtisodiyotda hamkorlikni faollashtiradi

Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik tarixiy rekord darajaga yetdi. «Xitoy — Markaziy Osiyo» mexanizmi bosh kotibi Sun Veydun China Daily va China News Service nashrlariga bergan intervyusida 2025 yilda Xitoy va mintaqaning besh davlati o‘rtasidagi savdo hajmi ilk bor 100 milliard AQSh dollaridan oshib, 106,3 milliard dollarni tashkil etganini, bu esa 2024 yilga nisbatan 12 foizga ko‘p ekanini ma’lum qildi.

Sun Veydunning ta’kidlashicha, bu natija global geosiyosiy keskinlik va xalqaro savdo-iqtisodiy tartibni izdan chiqarayotgan proteksionistik cheklovlar fonida alohida tarixiy ahamiyatga ega. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari erkin savdoni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda, «Bir kamar — bir yo‘l» tashabbusini birgalikda qurishni chuqurlashtirmoqda va barqaror iqtisodiy hamkorlik tuzilmasini shakllantirmoqda. 2021 yilda savdo hajmi 49,56 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirga kelib u deyarli ikki baravar oshdi, Markaziy Osiyoning Xitoy tashqi savdosidagi ulushi esa 0,8 foizdan 1,5 foizgacha ko‘tarildi.

Xitoy Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori bo‘lib qolmoqda, 2025 yilda esa ilk bor Tojikistonning ham eng yirik savdo hamkoriga aylandi. Savdo tuzilmasida o‘zgarishlar kuzatilmoqda: 2025 yilda Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti 71,2 milliard dollarni tashkil etib, 11 foizga oshdi. Bunda sanoat uskunalari, mototsikllar, mobil telefonlar va litiy-ion batareyalar kabi mashinasozlik va yuqori texnologiyali mahsulotlar yetkazib berish faol o‘smoqda. Mintaqadan import hajmi 35,1 milliard dollarga yetib, 14 foizga oshdi; uning asosini energetika va mineral resurslar tashkil etadi, shu bilan birga kimyo mahsulotlari, metall buyumlari va xomashyo bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari assortimenti kengaymoqda.

Sun Veydun savdo hajmining o‘sishi tomonlar iqtisodiyotlari va resurs imkoniyatlarining o‘zaro to‘ldiruvchanligi bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Xitoy investitsiyalari muhim rol o‘ynamoqda — ularning jami hajmi 50 milliard dollardan oshgan, 40 mingdan ortiq xitoylik korxonalar esa mintaqada eksport-import faoliyatini olib bormoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari ro‘yxatdan o‘tayotgan xitoylik korxonalar sonining ko‘payishini, investitsiyalarning energetika va infratuzilmadan sanoat ishlab chiqarishi, transport, «yashil» energetika va raqamli iqtisodiyotga kengayib borayotganini qayd etmoqda.

Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan siyosiy rahbarlik va qo‘llab-quvvatlashga katta ahamiyat berilmoqda. Mexanizm doirasida vazirlik platformalari faoliyat yuritmoqda: iqtisodiyot va savdo vazirlarining uchrashuvlari, sanoat va investitsiyalar bo‘yicha forumlar, bojxona xizmatlari yig‘ilishlari hamda tadbirkorlar qo‘mitasi. Nankin shahrida savdoni to‘siqsiz ta’minlash bo‘yicha Platforma markazi rasman ochilib, u savdo, sanoat hamkorligi hamda ishlab chiqarishni ta’lim bilan integratsiyalash funksiyalarini birlashtirmoqda.

2025 yilda bo‘lib o‘tgan ikkinchi «Xitoy — Markaziy Osiyo» sammitida davlat rahbarlari hamkorlikning oltita ustuvor yo‘nalishini belgilab oldilar. Ular qatoriga to‘siqsiz savdo, sanoat va investitsiyalar, o‘zaro bog‘liqlik, «yashil» resurslar va raqamli transformatsiya kiradi. 2025–2026 yillar «Yuqori sifatli hamkorlikni rivojlantirish yillari» deb e’lon qilinib, bu «Bir kamar — bir yo‘l» tashabbusini birgalikda qurish bo‘yicha Harakatlar rejasi bilan mustahkamlandi.

To‘liq formatda qariyb to‘qqiz oydan buyon faoliyat yuritayotgan mexanizm kotibiyati tashqi ishlar vazirliklari va tegishli idoralar ishini faol muvofiqlashtirmoqda, ikkinchi sammitda erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlamoqda hamda uchinchi sammit uchun zamin hozirlamoqda. Ushbu davrda kotibiyat vazirlik platformalari yig‘ilishlari, mintaqaviy hamkorlik va Xitoy — Yevropa xalqaro forumlarida ishtirok etib, mexanizm g‘oyalari va yutuqlarini ilgari surdi.

Gumanitar va ta’lim almashinuvlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili kotibiyat Xitoy — Markaziy Osiyo gumanitar-turistik poyezdini ishga tushirishga, kasbiy ta’lim bo‘yicha seminarlar, ishlab chiqarish va ta’lim integratsiyasi konferensiyalari hamda inson huquqlari bo‘yicha forumlarni o‘tkazishga ko‘maklashdi. Mintaqa yoshlar va talabalar ishtirokida tadbirlar tashkil etildi, Markaziy Osiyo mamlakatlari delegatsiyalari bilan uchrashuvlar va do‘stlikni mustahkamlovchi madaniy tadbirlar o‘tkazildi.

Sun Veydun kotibiyat bundan buyon ham mexanizmning «katalizatori» bo‘lib qolishini, kelishuvlar ijrosini qo‘llab-quvvatlashini, barcha sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishini, savdo va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishini hamda hamkorlik natijalari Xitoy va Markaziy Osiyo xalqlariga real foyda keltirishini ta’minlashini ta’kidladi.

Manba

HAMKORLAR