O`zbekiston Energetika Haftaligi - UEW 2026

12 - 14 may 2026, CAEx / O`zbekiston

Yangiliklar

Yangi rekord. Iyul oyida "yashil" manbalar umumiy elektr energiyasining 17 foizini tashkil etdi

O‘zbekistonda iyul oyida quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi bugungi kungacha rekord darajaga yetib, 1,2 milliard kilovatt-soatni tashkil etdi. Bu oy davomida umumiy ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 17 foizini tashkil etdi.

Energetika vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda umumiy quvvati 4,1 megavatt bo‘lgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 4 ta shamol elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda. Quyosh stansiyalari 760 million kilovatt-soatdan ortiq, shamol stansiyalari esa 485 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqardi.

Nnatijada 377 million kub metr tabiiy gaz tejab qolindi. Bundan tashqari, atmosferaga 1,1 million tonna zararli gazlarning chiqarilishi oldi olindi.

Maʼlum qilinishicha, may oyida qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 1,1 milliard kilovatt-soatni tashkil etgan edi. Bu o‘sha paytda bir oy ichida qayd etilgan birinchi rekord natija bo‘ldi. Iyul oyidagi ko‘rsatkich may oyidagidan 142 million kilovatt-soatga ko‘p bo‘ldi.

Maʼlumot uchun: 2022 yilda, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish boshlanganda, yil davomida 430 million kilovatt-soatdan biroz ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. 2023 yilda bu ko‘rsatkich deyarli 580 million kilovatt-soatga, o‘tgan yili esa 4,9 milliard kilovatt-soatga yetdi. Joriy yil 2-avgust holatiga ko‘ra, yil boshidan buyon quyosh va shamol stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan umumiy elektr energiyasi hajmi 6 milliard kilovatt-soatdan oshdi.

Avvalroq xabar berilganidek, yanvar oyidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari 5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqargan edi.

Manba